
Surxondaryo viloyati - O`zbekiston Respublikasining eng janubida joylashgan fusunkor o`lka. Viloyat sifatida 1941 yil 6 martda tashkil etilgan (1925 yil 29 iyundan Surxondaryo okrugi). Janubdan Amudaryo bo`ylab Afg`oniston, shimol va sharqdan Tojikiston Respublikasi bilan, janubi-sharqdan Turkmaniston bilan chegaradosh; shimoli-g`arbdan Qashqadaryo viloyati bilan tutashgan. Viloyatning ma`muriy, iqtisodiy bva madaniy markazi - Termiz shahri. O`zbekiston Resbublikasining mustaqil chegara qo`shinlari mamlakatning Surxondaryo bo`ylab o`tgan janubiy sarhadlarini mustahkam qo`riqlab kelmoqdalar. Surxondaryo viloyatining umumiy yer maydoni 20,1 ming kvadrat kilometr. Aholisi 1 mln 535,8 ming kishi (bu 1996 yildagi ma`lumot; so`nngi yillardagi batafsil statistik maylumot bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin). Aksari qismi o`zbeklar (79,9%). Qisman tojiklar (13,3%), ruslar, turkman va boshqa millat vakillari yashaydi. Surxondaryoning relyefi shimoldan janubga qiyalanib va kengayib boradigan tekislikdan iborat. Surxondaryo va Sheroboddaryo oqib o`tadigan bu tekislik qariyb 200 kilometrga cho`zilib, shimol, g`arb va sharqdan baland Hisor tizmasi va uning tarmoqlari - Boysuntog`, Ko`hitangtog`, Bobotog` bilan o`ralgan. Tog`lar bilan tekislik orasida adirlar joylashgan. Hisor tog` tizmasining ayrim cho`qqilari 4500 metr va undan ham balandroq. Tizmaning qirra va cho`qqilari qishin-yozin qor bilan qoplanib yotadi. Boysun va Bobotog` yonbag`irlari mehnatkashlarning sevimli dam olish maskanlaridir. Bu joylardagi go`zal manzaralar ijodkorlarni doimo o`ziga chorlab keladi. Ularning, jumladan, mashhur rassom, rahmatli Ro`zi Choriyevning ko`p asarlariga bu manzaralar mavzu bo`lgan.
Asosiy daryosi -Qorovultepa qishlog`idan bir oz yuqoriroqda Hisor tog`laridan oqib tushadigan To`palangdaryo bilan Qoradaryoning qo`shilishidan hosil bo`ladi. Umumiy uzunligi 175 kilometr, havzasining maydoni 13,5 kvadrat kilometr. Surxondaryo Boysun va Bobotog` tizmalari oralig`idan janubi-g`arb tomon oqib borib, Termiz shahri yonida Amudaryoga qo`shiladi. Uning bir nechta irmoqlari bor. Bulardan asosiysi Sangardak va Xo`jayalpoq daryolaridir.
Sheroboddaryo Boysuntog` tizmalari Irg`ayli va Qizilsoy daryolari qo;`shilishidan hosil bo`ladi. Kallamozor qishlog`iga qadar Machaydaryo, u yerdan Sherobod shahrigacha Sheroboddaryo, Sherobod shahridan quyilish joyi - Amudaryoga qadar Qorasuvdaryo deb ataladi. Umumiy uzunligi 186 km. Havzasining maydoni qariyb 3 ming km.
Daryo oqimi suv omborlari bilan tartibga solinadi. Bulardan eng yiriklari - Janubiy Surxon va Uchqizil suv omborlaridir.
Surxondaryo tekislik qismining iqlimi qishining, zoyining issiq va uzoqligi bilan farq qiladi. Termizda bahorning boshlanishi fevralning dastlabki o`n kunligiga, yozning boshlanishi (harorat 20 darajadan oshishi) mayning uchinchi o`n kunligiga to`g`ri keladi. Kuz (o`rtacha kecha-kunduz harorati 20 darajadan kamayishi) sentyabrning birinchi o`n kunligidan boshlanadi. Qish mavsumi o`rtacha kecha-kunduz harorati 5 darajadan pasayishi bilan - dekabrning ikkinchi o`n kunligidan boshlanadi. Surxondaryo viloyatining janubi-sharqiy qismida yozda bir necha kun chang-to`zonli issiq va quruq "afg`on shamoli" esadi va einlarga katta zarar yetkazadi. Vegetatsiya davri 226 kundan 266 kungacha. Yozda haroratning yuqoriligi, iliq-issiq kunlarning uzoq davom etishi viloyatda issiqsevar subtropik o`simliklar - ingichka tolali paxta, xurmo va hatto shakarqamish, apelsin, mandarin yetishtirishga imkon beradi. Janubdagi qishloq joylarda - oq saksovul, cherkas, tarakabosh, yaltirbosh, yantoq; daryo bo`ylarida - yulg`un, jiyda, terak, qiyoq, qamish; tog`larda - efemer boshoqli o`simliklar, baland tog`larda - subalp betaga, daraxt va butalardan archa, yovvoyi mevalidaraxtlar o`sadi. Bobotog`da pistazorlar, Amudaryo vodiysida to`qayzorlar bor. Tog`larda jayron, tog` echkisi, to`ng`iz, silovsin, bo`ri, shoqol, qo`ng`ir ayiq, jayra; qushlardan qirg`ovul, kaklik, to`rg`ay uchraydi.
Viloyatda neft va gaz qazib chiqariladi (Xovdog`, Kakaydi, Lalmikorda). O`zbekistondagi uchta yirik ko`mir konining ikkitasi Surxondaryodadir. Bular Sharg`un va Boysun ko`mir konlari bo`lib, yura qatlamida joylashgan. Polimetall (sangardak), osh tuzi
(Xojaikon) konlari bor. Gips, granit, argilit kabi qurilish materiallari konlari ham mavjud.
Sanoatining yetakchi tarmoqlari: paxta tozalash, paxtani qayta ishlash korxonalaridir. Viloyatning yirik sanoat korxonalari: "Jarqo`rg`onneft" boshqarmasi, Denov yog`-ekstrakt zavodi, Boysun eksperimental shoyi to`qish fabrikasi, Sariosiyo tosh saralash zavodi, Sho`rchi un kombinati, Jarqo`rg`on yigiruv-to`quv fabrikasi, Termiz tikuvchilik fabrikasi, Sharg`un ko`mir sanoati korxonalari, Sherobod keramika badiiy buyumlar zavodi va b. Viloyatda bir necha qo`shma korxona, kichik korxonalar ishlab turibdi. Jumladan, Afg`oniston bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalq iste`moli mollari ishlab chiqaradigan "Namaf" va "Afruz" qo`shma korxonalari faoliyat ko`rsatmoqda. Hindiston - Termiz "Farmed" qo`shma korxonasi mahalliy giyohlar asosida dori-darmon ishlab chiqarsa, Po`lat Alpomishev boshliq Turkiya - Termiz "Po`lat" qo`shma korxonasida o`ziga xos gilamlar, paloslar tayyorlanadi. Bugungi kunda viloyat tumanlarida qishloq xo`jalik mahsulotini qayta ishlaydigan kichik korxonalar, sexlar tashkil etishga ahamiyat berilmoqda.

Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, bog`dorchilik, limonchilik, pillachilik va b. Tog` etaklarida lalmikor dehqonchilik (asosan bug`doy va arpa yetishtiriladi) bilan sgug`ullaniladi. Paxta - viloyatning 14 tumanidan 13 tasida asosiy ekin turlaridan biri hisoblanadi. O`zbekistonda eng ko`p ingizchka tolali paxta Surxondaryoda tayyorlanadi. Viloyatning tog`oldi tumanlarida bog`dorchilik va uzumchilikrivojlangan. Xo`jaliklarida qoramol, qo`y (qorako`l va hisor zotli dumbali qo`ylar), echki, yilqi, parranda, quyon boqiladi. Jahon mo`yna va teri auksionlarida juda qadrlanadigan "Surxon suri" qorako`l terisi Surxondaryo viloyatida yetishtiriladi.
Aholiga savdo va maishiy xizmat ko`rsatish bozor iqtisodiyoti talablari asosida keng rivojlanib bormoqda. Bu tarmoq korxonalari davlat tasarrufidan chiqarilib, asosan xususiylashtirilib bo`lindi. Savdo tashkilotlari o`z kuchlari bilan xalq iste`moli mollari ishlab chiqarib, aholini ta`minlashga e`tibor bermoqda.
Viloyat hududidan Markaziy Osiyodagi mustaqil davlatlarni Sharqiy Yevropa shaharlari bilan bo`g`laydigan temiryo`l tarmog`i (jumladan, Moskva - Dushanbe, Ashgabat - Dushanbe) o`tgan. 1995 yilda G`uzor - Boysun - Qumqo`rg`on temir yo`li qurilishi boshlab yuborildi. Viloyatning asosiy avtomobil yo`li - Katta O`zbekiston trakti. Amudaryo ustidan Xayraton temiryo`l qurilgan .
Viloyatda tarmoq transporti ham rivojlangan. Avtomobilda mamlakatlararo yuk tashish xizmati korxonasi xalq xo`jalik mollarini qo`shni Afg`onistonga yetkazib bermoqda. Surxondaryo viloyatida respublikada yagona Termiz daryo porti joylashgan. Termiz va Sariosiyoda zamonaviy aeroport bor.
Surxondaryo viloyatida 14 tuman bor: Angor, Bandixon, Boysun, Denov, Jarqo`rg`on, Muzrabod, Oltinsoy, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod, Shorchi, Qiziriq, Qumqo`rg`on.
Shaharlar: Boysun, Denov, Jarqo`rg`on, Termiz, Sharg`un, Sherobod, Shorchi, Qumqo`rg`on.
Shaharchalar: Angor, Dostlik, Kakaydi, Sariosiyo, Sariq, Xayrobod, Hurriyat.
Shaharlardan ikkitasi - Termiz va Denov tuman markazlari hisoblansa-da, to`g`ridan-to`g`ri viloyatga bo`ysunadi; qolgan shahar va shaharchalar tuman markazlaridir.